2026 ISPE Annual Meeting & Expo
Tadbir haqida
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Pharm Service 2026-yil 18–21-oktabr kunlari AQShning Vashington shahrida bo‘lib o‘tadigan 2026 ISPE Annual Meeting & Expo xalqaro tadbirida ishtirok etadi.
Mazkur tadbir farmatsevtika va biofarmatsevtika sanoati mutaxassislarini, ishlab chiqarish, ta’minot zanjiri, uskunalar, sifat tizimlari, muhandislik, axborot tizimlari, mahsulot ishlab chiqish hamda tartibga solish yo‘nalishidagi yetakchi ekspertlarni bir maydonga jamlaydi.
2026 ISPE Annual Meeting & Expo doirasida barqaror farmatsevtika amaliyotlari, ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar, sifat tizimlari, regulyator talablar, farmatsevtika infratuzilmasi va innovatsion sanoat yechimlari bo‘yicha muhim sessiyalar, treninglar, ko‘rgazma va tarmoq uchrashuvlari tashkil etiladi.
Tadbir farmatsevtika ishlab chiqarishida xalqaro tajribani o‘rganish, ilg‘or texnologik yechimlar bilan tanishish, soha mutaxassislari bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish uchun muhim platforma hisoblanadi.
Ishtirok davomida O‘zbekistonda farmatsevtika va tibbiyot sanoatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlari, GxP talablarini joriy etish hamda xalqaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan xorijiy hamkorlar bilan muloqotlar o‘tkaziladi.
Mazkur ishtirok O‘zbekiston farmatsevtika sanoatida sifat, ishlab chiqarish samaradorligi va xalqaro integratsiyani yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.