CPHI Milan 2026
О мероприятии
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Pharm Service delegatsiyasi 2026-yil 6–8-oktabr kunlari Italiyaning Milan shahrida bo‘lib o‘tadigan CPHI Milan 2026 xalqaro farmatsevtika ko‘rgazmasida ishtirok etadi.
Fiera Milano ko‘rgazmalar majmuasida tashkil etiladigan mazkur tadbir farmatsevtika sanoatining eng muhim xalqaro platformalaridan biri bo‘lib, unda dori vositalari ishlab chiqaruvchilari, API va xomashyo yetkazib beruvchilari, biotexnologiya kompaniyalari, CDMO/CMO xizmat ko‘rsatuvchilari, qadoqlash, laboratoriya uskunalari, farmatsevtika mashinasozligi va logistika yo‘nalishidagi yetakchi kompaniyalar ishtirok etadi.
CPHI Milan farmatsevtika sohasidagi global hamkorlikni kengaytirish, yangi biznes aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish hamda investitsion loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon hisoblanadi.
Ko‘rgazma doirasida delegatsiya xorijiy ishlab chiqaruvchilar, investorlar, texnologiya yetkazib beruvchilar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazib, O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining investitsion salohiyati, mamlakatimizda yaratilgan qulay biznes muhiti va BioPharma City hududidagi imkoniyatlarni keng targ‘ib etadi.
Shuningdek, Pharm Service tomonidan xorijiy hamkorlarga O‘zbekistonda dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish, GxP talablarini joriy etish, texnik hujjatlarni tayyorlash, marketing, konsalting va investitsion qo‘llab-quvvatlash xizmatlari haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Mazkur ishtirok O‘zbekiston farmatsevtika sanoatini xalqaro bozorga yanada keng integratsiya qilish, strategik hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va yangi investitsiya imkoniyatlarini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.