NEWS

O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi

25 avgust 2026
107
Ulashish
O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi

O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi

O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi doirasida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirining birinchi o‘rinbosari Yusufiy Salomuddin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.


Forumda Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi, Davlat nazorati xizmati, uning Sug‘d viloyati bo‘yicha hududiy boshqarmasi, «Farmatsevtika va tibbiy mahsulotlarni ekspertiza va sinovdan o‘tkazish» davlat unitar korxonasi vakillari hamda ikki mamlakatning farmatsevtika sohasi korxonalari ishtirok etdi.


Tadbir davomida O‘zbekiston va Tojikiston farmatsevtika sanoatining bugungi holati, mavjud imkoniyatlar va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, dori vositalari va tibbiy jihozlarni mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Forum doirasida Tojikiston delegatsiyasi a’zolari «BioPharma City» farmatsevtika klasterida amalga oshirilayotgan loyihalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, infratuzilma va mahalliylashtirish imkoniyatlari bilan tanishdilar. Shuningdek, Farmatsevtika texnik universitetining qurilish jarayoni hamda ta’lim imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.


Tadbir doirasida O‘zbekistonning mahalliy farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari va Tojikiston kompaniyalari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi. Muloqotlarda mahsulotlarni Tojikiston bozoriga chiqarish, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish, texnologiyalar transferi va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama qilindi.


Shuningdek, forum ishtirokchilariga O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqarilayotgan dori vositalari va tibbiy jihozlar namoyishi tashkil etildi.

Forum yakunida tomonlar farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy muloqotlarni davom ettirishga kelishib oldilar.


O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi 1
O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi 2
O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi 3
Ulashish

O'xshash materiallar

O‘zbekiston–Tojikiston farmatsevtika sohasidagi biznes-forumi o‘tkazildi | Pharm Service